VPN (Virtual Private Network)

Xavfsiz virtual bog'lanish imkoniyati

(Suratlar orqali tushuntirilgan)

VPN ikkita kompyuter o'rtasida boshqa hech kim ular orasiga kira olmaydigan xavfsiz aloqa o'rnatadi. Quyida uning nima ekani, qanday ishlashi haqida ma'lumot beramiz.

Ikki kompyuter o'rtasida xavfsiz aloqa o'rnatishning eng ideal yo'li bu ularni sim orqali bir-biriga ulashdir.

Afsuski, bu qimmat va amalga oshirish juda qiyin jarayon.

Buni amalga oshirishning ikkinchi eng yaxshi yo'li virtual shaxsiy tarmoq (Virtual private network) yoki VPN orqalidir.

VPN ochiq internetga ulangan ikki kompyuterni bir-biriga bog'lovchi virtual tunnel yaratadi.

VPN orqali har ikki kompyuter hamda ular ulanishni istagan tarmoq bir-birini taniydi.

VPN ma'lumotlaringizni faqat siz va sizning tamog'ingiz tushunadigan axborot bo'laklariga bo'lib shifrlaydi.

Tarmoqqa kirishga uringan uchinchi tomon qo'lga kiritgan ma'lumot o'qib bo'lmaydigan ko'rinishda bo'ladi.

VPNdan shaxsingizni yashirishda va bloklarni aylanib o'tishda ham foydalanishingiz mumkin.

Internetga VPN serverlari orqali xavfsiz bog'lanish orqali foydalanuvchi anonim tarzda hukumat bloklarini aylanib o'tishi va o'zi xohlagan saytlarga kirishi mumkin.

VPN nima?

VPN Virtual Private Network (Virtual shaxsiy tarmoq) so'zlarining qisqartmasi bo'lib, unda siz ochiq tarmoqdagi ikkita kompyuterni bir-biriga ulab, shaxsiy va maxfiy bog'lanishni yaratasiz. VPNlar dastlab uylaridan turib nozik ish hujjatlarini internet orqali ko'rishni xohlagan kompaniya ishchilari uchun yaratilgan. Shundan beri u mashhur bo'lib, oddiy foydalanuvchilar qo'liga ham yetib bordi.

VPN foydalanuvchiga har qanday ma'lumotni "internet tunneli" deb ataladigan tarmoq orqali jo'natish va olish imkoniyatini beradi.

Uning ishlash tartibi quyidagicha.

Masalan, qayerdadir kompyuter tarmog'i bor va unga ulanish huquqi faqat ayrim odamlarga berilgan. Siz ulardan birisiz va bu tarmoqqa xavfsiz yo’l bilan ulanishingiz kerak.

Shunda siz VPNdan foydalansangiz, u kompyuteringiz va siz kirmoqchi bo'lgan tarmoqning haqiqiy va xavfsiz ekanini tasdiqlab beradi. Shundan so'ng VPN siz jo'natmoqchi bo'lgan ma'lumotni shifrlab, uni ikkinchi tomonga ham shifrlangan holatda yetkazib beradi. Kimdir tarmoqqa kirib ma'lumotlaringizni o'qishga urinsa, ularga turli raqamlardan iborat kodlangan ma'lumot ko'rinadi, xolos.

VPN imkonyatini taqdim etuvchi xizmatlar ko'p. Ular "PureVPN", "AirVPN" yoki "VPN4All" kabi nomlar bilan ataladi. Ularning har biri o'ziga xos xizmatlarni taqdim etib, ayrimlari bepul, boshqalari esa yiliga 80 yoki 100 dollargacha pulli bo'lishi mumkin.

VPN qanday ishlaydi?

VPN ma'lum bir kompyuter yoki tarmoqqa xavfsiz bog'lanish imkoniyatini bersa ham, undan shaxsiy ma'lumotlaringizni himoyalash va bloklangan saytlarga kirish vositasi sifatida ham foydalanishingiz mumkin.

Qaysidir bir VPN xizmatini sozlab, o'rnatib olganingizdan so'ng, kompyuteringiz shu xizmatga aloqador VPN tarmoqlariga xavfsiz ulanadi. Shundan so'ng, masalan, bloklangan YouTube saytiga kirmoqchi bo'lsangiz, bu sayt uchun murojaatingiz VPN serveriga yuboriladi va bu server YouTube saytini bloklanmagan manzildan olib sizga jo'natadi. Shu yo'l bilan xuddi YouTubega to'g'ridan to'g'ri ulanayotgandek bo'lasiz, lekin aslida siz VPN orqali boshqa bir yashirin manzil va ma'lumotlar bilan saytni ochayotgan bo'lasiz.

Ammo shu yerda bir lekini bor. Agar hukumat VPN kompaniyasi ishlatayotgan biror serverdan xabar topsa, shu serverni bloklab qo'yishi mumkin va natijada u orqali siz bloklangan saytlarni ocha olmaymiz. Shuning uchun VPN kompaniyalari ko'plab serverlar bilan ishlashadi va ularni aniqlab bloklash qiyin bo'ladi.

VPN menga qanday yordam berishi mumkin?

Internet markazlashmagan boshqaruv tizimiga asoslangani bois hukumatlar uchun VPNlarni aniqlash va bloklash juda qiyin. Ular sizning onlayn va shaxsiy ma'lumotlaringizni himoya qilishda ham samarali ishlaydi. Internetga ko'p ma'lumot joylash yoki ko'chirib olish bilan shug'ullansangiz va bu faoliyatingiz uchun jazolanishdan qo'rqsangiz, VPN sizga qo’l kelishi mumkin.

Turli VPN tanlovlari mavjudligi boshida sizni biroz chalg'itishi mumkin. Har bir tarmoqning ishlash uslubi va texnik qoidalari har xil bo'ladi va bir VPNning imkoniyatlari boshqasiniki bilan bir xil bo'lmasligi mumkin. Shuningdek, texnik bilimi cheklangan odamlar uchun uni ishlatish murakkab tuyuladi. Mavzuni biroz tadqiq qilsangiz va bunday dasturlarni yaxshi tushunadigan ishonchli do'stlaringizdan yordam olsangiz, qanday VPN tanlash bo'yicha bir qarorga kelishingiz osonlashadi.

Ehtimoliy kamchiliklari

Hukumatlar saytlarni bloklashda turli xil vositalardan foydalanishini hisobga olsak, ba'zan VPNning sizga to'g'ri kelish yoki kelmasligi qaysi davlatda yashashingizga ham bog'liq bo'ladi.

Eron, masalan, ayrim saytlarni bloklashda ulkan va o'zgaruvchan bloklash usullaridan foydalanadi. Yuqorida tilga olingan sabablarga ko'ra, bu holatda bloklarni aylanib o'tish uchun VPN qo'l kelishi mumkin. Ammo Xitoyning internetni kuzatish usullari farqli va bu holatda VPNdan boshqa dasturlarni ishlatish samaraliroq bo'lishi mumkin.

VPN bilan bog’liq yana ikki noqulaylik bor. Birinchidan, uni ishlatish uchun maxsus fayllar va dasturlarni VPN kompaniyasidan ko’chirib olishingiz kerak. Agar siz bu kompaniyaga internet orqali bog’lana olmasangiz yoki uning sayti davlatingizda bloklangan bo’lsa, bu ishingizni qiyinlashtirishi mumkin.

Ikkinchidan, sizning ma’lumotlaringiz turli noma’lum joylardagi har xil serverlar orqali o’tayotgani bois VPN internet tezligini sekinlashtirishi mumkin. Bundan achchiqlangan ayrim foydalanuvchilar dasturni internetda ishlayotgan paytlari o’chirib qo’yadilar. Bu usa ularning onlayn faoliyatlari endi ochiq tarmoqlarga o’tdi, degani.

Xulosa

Umuman olganda, shaxsingizni yashirish va bloklangan saytlarni ochishda VPN yaxshi qurol vazifasini o’taydi. Ammo qayerda yashashingiz, qaysi kompaniya yoki xizmatdan foydalanishingizga qarab siz ishlatadigan VPNning imkoniyatlari har xil bo’lishi mumkin.

Xavfsizlik vositalarini qiyoslash Anonimlik Aylanib o'tish Olib yurish imkoniyati Shifrlash
DNS
Freegate
PGP
Psiphon
TOR (The Onion Router)
UltraSurf
VPN (Virtual Private Network)