Freegate orqali foydalanuvchilar o’zgarib turuvchi shaxsiy proksi serverlari orqali bloklangan saytlarga kira olishlari mumkin.
Dastur Dynamic Internet Technologies (DIT) xususiy kompaniyasi tomonidan yaratilgan va boshqariladi. U dastlab 2001-yil ishga tushganda Xitoyga va Xitoydan elektron maktublarni xavfsiz yuborish maqsadida ishlatilgan. Shundan beri yanada rivojlanib, keng qamrovli xizmatga aylandi.
Istalgan odam brauzer orqali kompaniya proksi serverlaridan biriga ulanib, “Dynaweb” xizmatidan foydalanishi mumkin. Kompyuter serverga ulangach, foydalanuvchilar bloklarni aylanib o’ta olishi uchun tarmoq shifrlash qurollarini ishga soladi.
Xitoy kabi davlatlar DIT serverlarini muntazam kuzatib, ularning proksilarini bloklashni boshlagach, Dynaweb ko’zgu saytlarning muntazam o’zgarib turuvchi tarmog’iga aylandi. Bunday tarmoqni bloklash juda qiyin.
Doimiy o’zgarib turadigan proksilar tarmog’ini boshqarish uchun kompaniya Freegate dasturini yaratgan.
Freegate 2004-yil ishga tushgan bo’lib, unga “Amerika Ovozi” mansub Boshqaruvchilar Teleradio Kengashi ham qisman homiylik qilgan.
Freegate qanday ishlaydi?
Freegatening foydalanuvchilar uchun imkon qadar sodda va ochiq bo’lishi ko’zda tutilgan. U kichik dastur bo’lib, istalgan odam uni telefoniga yoki kompyuteriga saqlab olishi mumkin.
Qurilmaga o’rnatilgach, foydalanuvchilar uning yordamida Dynawebga ulanadi. Dynaweb foydalanuvchiga bloklanmagan serverlarni topib beradi. Freegate bir necha bosqichli shifrlash qurollaridan foydalansa ham, shaxsiy ma’lumotlaringizning to’liq xavfsiz saqlanishiga kafolat bermaydi.
Freegatedan o’nlab davlatlarda foydalaniladi, ammo u, asosan, Eron va Xitoy uchun ishlab chiqilgan. U Pekin va Tehron tatbiq etgan kuchli bloklash va filtrlash texnologiyasini aylanib o’tishga xizmat qiladi.
Masalan, Xitoy ichida kimdir Google orqali mashhur talabalar g’alayoni haqida “Tiananmen maydoni” deb qidirsa, unga ko’rinadigan qidiruv natijalari kimdir, masalan, Shvetsiyada xuddi shu so’zlarni qidirganda chiqadigan natijalardan keskin farq qiladi. Chunki Xitoydagi hukumat senzurasi ko’plab saytlarning qidiruv saytlarida ko’rinishiga yo’l qo’ymaydi. Freegate orqali siz Xitoydan turib ana shu bloklangan natijalarni ko’rishingiz mumkin. Chunki dastur sizning internetga Xitoydan kirayotganingizni yashiradi.
Ehtimoliy kamchiliklari
Dastur ayrim kamchiliklardan ham xoli emas. Dynaweb doimiy o’zgarib turuvchi proksilar va ko’zgu saytlardan foydalansa ham, ularning soni u qadar ko’p emas.
Qolaversa, bu serverlarning aksariyati AQShda yoki Tayvanda joylashgan. Bu esa Xitoy hukumati uchun Freegateni bloklash imkoniyatini osonlashtiradi, chunki ular dasturning qayerda joylashganini biladi.
Bundan tashqari, o’zini Freegtate sifatida tanishtirgan bir qator soxta dasturlar ham chiqqan. Uni ko’chirib olgan foydalanuvchilarning qurilmalariga virus yoki ma’lumot o’g’irlovchi dasturlar kirib qolishi mumkin. Freegatening bir necha versiyasi e’lon qilingani bois foydalanuvchilar ularni tanishda va tanlashda qiynaladi.
Xulosa
Freegate Xitoyda va Eronda yaxshi aloqa vositasi sifatida o’zini oqlagan. Ma’lum darajada Osiyo va Yaqin Sharq davlatlarida ham muvaffaqiyatli ishlab kelgan. U bepul dastur bo’lib, foydalanish juda oson, bloklarni aylanib o’tish uchun qulay. Ammo u foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish bo’yicha kuchli himoya qurollariga ega emas va u shaxsiy ma’lumotlarni maxfiy tutish vositasi sifatida ishlatilmasligi kerak.