Imomning tanlovi
Milvokilik imomning maslahati FBR operatsiyasini qanday o’zgartirdi?
Suratlar muallifi Marko Monge
Milvokilik imomning maslahati FBR operatsiyasini qanday o’zgartirdi?
Mas'ud Farivar | Illyustratsiyalar muallifi: Brayn Uilyamson | Amerika Ovozi
Samara Milvokidagi Viskonsin universitetida aspiranturaning so'nggi yilida edi. O'qishi yaqinidagi masjidda musulmonlarga imomlik qilardi.
Qo'ng'iroq yashirin raqamdan edi. Shunday bo'lsa-da, Samara unga javob berdi.
Men masjidda, pastdaman. Muhim va shoshilinch bir narsa haqida siz bilan gaplashishim kerak*
Samara notanish ovozdagi bezovtalikni sezdi. Undan ismini so’radi.
“Mening ismim Sami Hamza”, – dedi erkak.
Asli iordaniyalik 40 yoshli Samara masjid yonidagi uyda yashardi. Masjidga kelganda u o’zidan ikki barobar yosh, jinsi shim va qora ko’ylakdagi yigitni ko’rdi.
Samara har juma 300 dan ortiq odamga imomlik qilardi, ammo u Hamzani eslolmadi.
Ular qo'l berib ko'rishib, o'tirishdi. Hamza muddaoga ko'chdi.
Sizga bir sirni ishonsam bo'ladimi?
Sizga bir sirni ishonsam bo'ladimi?
“Albatta, dedim men”.
Hamza FBR operatsiyasining nishoniga aylanganidan imomning xabari yo’q edi. Uning Hamzani tinglashga qaror qilgani bu operatsiyani o’zgartirib yuborishi aniq edi. Ayni paytda bu musulmon yetakchilar ekstremist mafkuralarga qarshi mo’tadil kuch bo’la olishini ham ko’rsatdi.
“Amerika Ovozi” bilan suhbatda Samara sahna ortidagi vaziyat haqida ilk bor gapirib berdi. Sud materiallarida uchramagan ayrim detallar FBR amaliyotlariga ichdan nazar solish imkoniyatini berdi.
Hamza nafratga to’la jinoyatni amalga oshirish yo’liga kirgan edi.
“Musulmonlar hamma joyda zulm ko’ryapti, o’ldirilyapti – Birmada, Falastin va Afrikada”, – dedi u imomga qarata.
U bunda yopiq jamiyat hisoblanadigan masonlarni aybladi. Hamzaning aytishicha, AQSh hukumatini masonlar boshqaradi.
“Uni g’azab boshqarayotgan edi, – deya eslaydi Samara. – U hatto Qur’on va hadisdan oyat va dalillar keltirib, ularni buzib o’z fikrini oqlashga ham urinmadi. Bungacha ham yetib bormagan edi”.
Masonlar Milvokida markazga ega, dedi Hamza. Samara masonlar musulmonlarni o’ldirishni xohlashi haqidagi gap-so’zlarni eshitgan, lekin shaharda markazlari borligini bilmas edi.
Keyin suhbat keskin tus oldi.
Men va yana ikki kishidan iborat do'stlarim qo'limizga qurol olib, Masonlar markaziga borib odamlarni otmoqchimiz.
Keyin suhbat keskin tus oldi.
Men va yana ikki kishidan iborat do'stlarim qo'limizga qurol olib, Masonlar markaziga borib odamlarni otmoqchimiz.
Samara qo'rquv va hayratdan o'zini yo'qotdi.
Samara qo'rquv va hayratdan o'zini yo'qotdi.
Uning oldida qonli xuruj haqida o'ylayotgan odam o'tirgan edi.
Uning oldida qonli xuruj haqida o'ylayotgan odam o'tirgan edi.
Hamza shundan so’ng Samaradan bir savol so’radi:
“Qilayotgan ishim to’g'rimi?”
“Yo’q, – dedi Samara. – Bu harom, islomda taqiqlangan”.
U Hamzaning qarashini o’zgartirish uchun misollar keltira boshladi.
“Avvalo, – deya boshladi Samara, – biz bu davlatga kelganimizda tinch yashaymiz; bu davlat tuzilmalariga va qonunlariga rioya qilamiz, degan va’da bilan kelganmiz”.
“Ikkinchidan, – deya davom etdi Samara, – siz begunoh odamlarni o’ldirmoqchisiz va bu islom ta’limotiga zid. Musulmonlarga sodir bo’layotgan qatl va yomonliklarga bu odamlarning aloqasi borligini bilmaymiz”.
“Uchinchidan, bu ishdan keyin sizga nima bo’ladi? – deya so’radi Samara. – Sizni otib o’ldirishadi yoki qamoqqa tashashadi. Shuni xohlaysizmi?”
Hamza jim tingladi, ammo fikri o’zgargani sezilmadi. Samara masjidning boshqa yetakchilari bilan ham uchrashuv belgilashni taklif qildi.
Lekin Hamza bunga qiziqish bildirmadi.
Hamza ketgandan so’ng Samarani vahima bosdi. U haqiqatdan ham xurujga qo’l urmoqchimi yoki adashib qolgan yosh yigit, xolosmi?
“Nima qilishni bilmadim”, – deydi imom.
Samara Milvoki islomiy jamiyati yetakchilarini voqeadan xabardor qildi. Ular kelasi kun Hamza bilan uchrashishni, shundan so’ng FBRga xabar berishni rejalashdi.
Lekin bularning hech biri amalga oshmadi.
25 yoshli Sami Hamza falastinlik muhojirlarning farzandi. U Nyu-Jersi shtatida tug’ilgan, lekin uch yoshida oilasi bilan ota-onasi ilgari yashagan Iordaniyaga ko’chib ketishadi. 2011-yil 19 yoshli Hamza AQShga qaytadi. U Milvoki shtatiga joylashadi. Oradan ikki yil o’tib ota-onasi va singlisi ham kelib unga qo’shiladi.
Ro’zg’or tebratish mas’uliyati Hamzaning yelkasiga tushadi. Jamoatchilik kollejida o’qish bilan birga, haydovchilik, sport zali treneri kabi har xil ishlarni bajarib yuradi. Ilgari jinoyat sodir etmagan va o’ta dindor ham bo’lmagan. Sud ma’lumotlariga ko’ra, u hatto hashish giyohvand moddasini iste’mol qilgan.
Hamza 2015-yil 16-sentabr kuni FBR nishoniga tushdi. U haqda do’stlaridan biri xabar bergan edi.
Sud hujjatlarida yozilishicha, do’sti Hamzaning harbiy tayyorgarlikdan o’tish uchun Misrga safar qilishni rejalayotgani, IShID nomidan terror xurujini amalga oshirish uchun yuk mashinasi litsenziyasini qo’lga kiritish haqida o’ylayotgani va 0,45 kalibrli pistolet sotib olgani haqida gapirib beradi.
FBR agentlari ehtimoliy jihodchi deya unga qarshi ish ochadi. Ular Hamzaning do’stidan o’zaro suhbatlarni yozib borishni so’raydi.
Hujjatlarda “Stiv” nomi bilan kelgan bu yigit oradan bir hafta o’tgach, Hamza o’z fikridan qaytgani haqida ma’lumot olib keladi. FBR esa Hamzani kuzatish vazifasini “Mayk” ismli boshqa bir tajribali odamga topshiradi.
Mayk va Stivning har ikkisi asli falastinlik ekani aytiladi. FBR 15 mingdan ortiq haq evaziga yoki ko’ngilli sifatida axborot yetkazib turuvchilarga ega.
Mayk Hamza ishlagan restoranga ishga keladi va Hamza bilan do’stlashib, u bilan suhbatni ekstremizm va qurollar mavzusiga buradi.
Oradan bir necha kun o’tib u Hamza va Stivga o’z pistoletini ko’rsatadi va ularni o’q otishni mashq qilishga taklif etadi.
Shu yilning oktabr, noyabr va dekabr oylarida bo’lib o’tgan yoki yozib olingan suhbatlarga ko’ra, Hamza Stiv va Maykka xavotirli gaplarni ayta boshlagan.
U Falastinga borib qurol sotib olishni va oddiy fuqarolarni yoki harbiylarni otib o’ldirishni xohlayotgani haqida gapirgan. Xamas guruhiga qo’shilib, sadoqatini isbotlash uchun xudkushlik kamarini taqishga tayyorligini ham aytgan. Askarlar va odamlarni o’ldirish uchun Isroilga shahidlik missiyasi bilan borishni rejalagan.
U qurol sotib olishni xohlashi haqida kamida uch marta gapirgan.
Uning advokatlariga ko’ra, bular shunchaki xomxayol gaplar bo’lgan. Prokurorlar esa Hamzaning terror hujumini amalga oshirish ahdida qat’iy bo’lganini aytadi.
2016-yilning yanvar oyida tekshiruvda burilish yuz berdi.
Mayk Hamzaning Milvokidagi Masonlar markaziga hujum qilish to’g'risida gapirayotgani haqida xabar berdi. Hamza, Stiv va yana bir ismi aniqlanmagan shaxs telefonda masonlar haqidagi videolar tomosha qilishdi, deydi Mayk.
Hamzaning advokatlari bu videolarni ko’rishga Mayk undaganini aytadi. Ammo prokurorlarga ko’ra, Hamza otishmani va hujum uchun odam yollashni ehtiyotkorlik bilan rejalagan.
Prokurorlarning aytishicha, Hamza 19-yanvar kuni Mayk va Stiv bilan quroldan o'q otishni mashq qilish uchun mahalliy o'q otish markaziga borgan.
Shu kuni kechroq uchalasi Masonlar markazini borib tomosha qildi.
Ular markazning tuzlishini o'rgandi. Haftalik uchrashuvda 30 ta odam qatnashishini aniqlashdi.
Ular ertalab avtomatik qurollar bilan kelib, hujum uyushtirish haqida gaplashdi. Hamza shunday dedi:
30 ta bu juda zo'r. 30 ta odamni o'ldirib tashqariga chiqa olsam, 100 foiz baxtiyor bo'lardim.
Ular ertalab avtomatik qurollar bilan kelib, hujum uyushtirish haqida gaplashdi. Hamza shunday dedi:
30 ta bu juda zo'r. 30 ta odamni o'ldirib tashqariga chiqa olsam, 100 foiz baxtiyor bo'lardim.
Ammo besh kun keyin Samara bilan uchrashgach, Hamzaning fikri o’zgardi.
Shu kuni kechqurun u Stivning oldiga kelib, rejadan voz kechganini aytdi.
“Bu haromligini senga aytgan edim, – dedi Hamza. – Shayx menga bu ishim odamlarning ishonchi yo’qolishiga sabab bo’lishini, shu ishni deb ular musulmonlarni o’ldirishini aytdi. Bu mening aybim bo’ladi”.
Stiv va Mayk esa uni fikrini o’zgartirmaslikka unday boshladi. Hamza esa jahli chiqib, boringlar, shayxdan so’ranglar, deb jerkib berdi.
Hamza ishonch hosil qilish uchun Iordaniyadagi amakisiga qo’ng’iroq qildi: u ham imom edi. Amakisi ham Samaraning gaplarini tasdiqladi: bunday ish qilish harom.
Markazga hujum rejasi Samaraning maslahati bilan barbod bo’ldi.
Ammo Hamzaning qurollarga qiziqishi to’xtamadi. Stiv va Mayk buni bilardi.
Stiv Maykning bir tanishidan ertasiga qurol olish mumkinligini aytganda, Hamza osonlik bilan rozi bo’ldi.
Hamza Mayk gaplashib qo'ygan qurol sotadigan ikki kishi bilan uchrashishga rozi bo'ldi. 25-yanvar kuni Samara bilan uchrashuvning ertasiga Hamza va Stiv mehmonxonaga keldi.
Sotuvchi kiyimidagilar aslida FBR agentlari edi.
Sotuvchi kiyimidagilar aslida FBR agentlari edi.
Agentlar Hamzaga bir miltiqni ko'rsatdi.
Hamza kichikroq qurol xohlashini aytdi.
Ular ikkita MP-5 qurolini ko'rsatdi. Ulardan birida ovoz pastlatgich ham o'rnatilgan edi.
Agentlar qurol uchun $1000 so’radi. Hamza va Stivda buncha pul yo’q edi. Shu bois ular narxni $570 ga tushirishdi. Hamzada faqat $200 bor edi. Qolganiga Stivdan qarz oldi.
Sotuvchi niqobidagi agentlar Hamzaga qurolni mashinasiga qo’yishi mumkinligi haqida ko’rsatma berishdi. U qurolni ichkariga joylashi bilan yo’lini to’sishdi.
Hamza qamoqqa olingan edi.
Hamza Kenosha okrugi qamoqxonasida saqlanmoqda (Surat Vokesha okrugi politsiya bo'limidan olindi).
Bu voqea ommaviy axborot vositalarida ancha shov-shuv bo’ldi.
“Terrorda ayblanayotgan” Hamzaning surati asosiy yangiliklar o’rnini egalladi. Milvoki islomiy jamiyati FBRni “tinchlikni saqlagani uchun” olqishladi.
Ammo Samaraning bu ishdagi roli haqida lom-mim deyilmadi.
Sud hujjatlarida advokatlarning aytishicha, Hamza “ruhiy inqiroz”ni boshdan kechirgan hamda Mayk va Stiv doirasidan tashqarida maslahatga ehtiyoj sezgan.
Prokurorlar esa Samaraning ta’siri bo’lganini, lekin Hamzaning ortga chekinishiga asosiy sabab uning qo’lga tushishdan qo’rqqani ekanini aytmoqda.
“Ayblanuvchi ommaviy qotillik xato ekanini bilish uchun ikkita imomga murojaat qilgani uning xavfli ekanini ko’rsatadi”, – dedi davlat prokurori Greg Hanstad iyul oyida bo’lgan tinglovda.
Hamza ro’yxatdan o’tmagan qurol saqlaganlik bo’yicha uchta jinoyat ishida ayblanmoqda. Ularning har biriga 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilishi mumkin. U ayni paytda Milvoki janubidagi Kenosha qamoqxonasida saqlanmoqda.
FBRga ko’ra, yashirin amaliyotlar hujumlarning oldini olib, ko’plab odamlarning hayotini saqlab qolishga yordam beradi. Huquq faollari esa bunday uslub orqali jinoyat sodir qilmaydigan shaxslar tuzoqqa tushirilayotganidan shikoyat qiladi.
11-sentabr voqealaridan beri terrorizmga aloqador 800 dan ortiq ish ochilgan. Ularning uchdan bir qismi yashirin amaliyotlar orqali fosh etilgan, deyiladi “Intercept” onlayn loyihasi to’plagan ma’lumotlar bazasida.
Hamzaning advokatlari uning himoyasi uchun tuzoq mudofaasi degan usulni qo’llab ko’rmoqchi. Ammo shu paytgacha bu usul terrorizmga aloqador ishlarda foyda bermagan. Prokurorlar va advokatlar Hamzaning ishi bo’yicha “Amerika Ovozi”ga ma’lumot berishni istamadi.
Hamzaning sudi 2018-yil 12-fevralda bo’lib o’tishi kutilmoqda.
Samara ma’lum muddat maslahati foyda bermaganidan afsuslanib yurdi.
Ammo “Amerika Ovozi” unga sud hujjatlarini ko’rsatgach, ta’sir ko’rsata olganiga ishondi.
“Uning qarashini o’zgartira olganimdan baxtiyorman, – dedi ayni paytda Illinoysdagi Vesleyan universitetida komputer fanlari bo’yicha professor yordamchisi Kamil Samara. – AQShdagi barcha imomlar shunday maslahat berishiga ishonaman”.
O’tgan voqealarni eslarkan, Samara Hamzani “fikrlari chalkashgan” yigit deb ta’riflaydi.
“Agar biz bu bola bilan gaplashish uchun yetarli vaqtga ega bo’lganimizda, natija boshqacha bo’lishi mumkin edi”, – deydi u.
Hamzaning advokatlari Samaradan sudda guvohlik berishini iltimos qildi.
“Haqiqatni gapiraman, – deydi u. – Bu unga yordam beradi, deb umid qilaman”.