Isroilning qo'shnilari

O‘nlab yillardan beri davom etayotgan Isroil-XAMAS mojarosi Isroil tarixidagi eng qonli hujum yuz bergan oktabr oyi boshidan buyon yanada xavfli yangi bosqichga kirdi. Isroil XAMAS xurujiga javoban G‘azo sektorini bombardimon qilmoqda. G‘azoda gumanitar inqiroz kuchaygani va G‘arbiy Sohilda tartibsizliklar avj olgani sababli, mojaro Isroil va Falastin hududlari bilan chegaradosh boshqa davlatlarga ham yoyilish xavfi bor.

 

Misr

Misr va Isroil o’zlarining umumiy chegaralari bo’ylab ko’p urush olib borgan. Misr 1948-yildan 1967-yilgi Olti kunlik urushgacha bo’lgan davrda G’azo sektorida hukmronlik qilgan. Keyin Isroil G’azo ustidan nazoratni qo’lga kiritdi va Misrning Sinay yarimorolini egallab oldi. 1973-yilgi Yom Kipur urushi tinchlik shartnomasi bilan yakunlandi. Unga koʻra, Misr Isroilni rasman tan olgan birinchi arab davlati boʻldi va Isroil keyinchalik 1979-yilda Sinaydan chiqib ketdi. Oʻshandan beri Misr mintaqada Isroilning xavfsizlik boʻyicha eng muhim sheriklaridan biri hisoblanadi.

Munosabatlar 2011-yilgi Misr inqilobi tufayli uzoq yillik prezident Husni Muborak ag‘darilganidan keyin va Falastinning XAMAS jangari guruhi bilan tarixiy aloqalarga ega “Musulmon birodarlar” tomonidan qo‘llab-quvvatlangan hukumat saylanganidan keyin bir muddat sinovlarga tutildi. 2013-yilgi harbiy to‘ntarish “Musulmon birodarlar”ni hokimiyatdan olib tashlagan bo‘lsa-da, Sinaydagi qo‘zg‘olon har ikki davlatni bezovta qilishda davom etmoqda.

Isroil askari Isroil-Misr chegarasini qo’riqlamoqda, 2012-yil, 18-iyun. (AP)

Isroilning Misr bilan chegarasi balandligi 5 metrdan 8 metrgacha bo’lgan va Isroilning Qizil dengizdagi Eylat port shahridan G’azo sektorigacha bo’lgan 245 kilometrlik, yuqori texnologiyalarga ulangan tikanli panjara bilan berkitilgan. Misr ham G’azo bilan chegarada o’z to’siqlarini o’rnatgan. U G’azoga Isroil tomonidan nazorat qilinmaydigangan yagona kirish-chiqish punktini ham nazorat qiladi. Misr G’azodagi XAMAS hukumatini blokada qilish bo’yicha Isroil siyosatini qo’llab-quvvatlash doirasida, shuningdek, qurol-yarog’, jangarilar va hujjatsiz muhojirlar chegaradan o’tishiga yo’l qo’ymaslik uchun Rafah chegarasidagi harakatni qattiq cheklab qo’ygan.

 

Iordaniya

Iordaniya 1948-yilda Isroilga qarshi arab-Isroil urushida qatnashgan va keyin G’arbiy Sohil va Sharqiy Quddusni bosib olgan. Isroil 1967-yilgi Olti kunlik urushdan so’ng bu hududlar ustidan nazoratni qo’lga kiritdi. Iordaniya 1988-yilda o’z hududiy da’volaridan to’liq voz kechgunga qadar bu yerda ba’zi ma’muriy xizmatlarni taqdim etishda davom etgan.

Iordan vodiysidagi Baqura shahridan tikanli sim to‘sig’i orqali Isroil-Iordaniya chegarasi ko’zga tashlanmoqda, 2019-yil, 13-noyabr. (AP)

1967-yil 22-iyunda olingan ushbu arxiv suratda falastinlik qochqinlar Iordaniyaning Isroil tomonidan bosib olingan qismidan qochib, Iordan daryosi ustidagi vayronaga aylangan Allenbi ko'prigidan yurib o’tishga urinmoqda. 1967-yilgi Olti kunlik urushda Isroil Gʻarbiy Sohil va Gʻazo sektorini egallab olgan va 300 ming falastinlik, asosan, Iordaniyaga qochgan. (AP)

1994-yilda tinchlik shartnomasi imzolangandan beri Iordaniya va Isroil iqtisodiy va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni saqlab kelmoqda. Chegaradagi barcha muammolar hal qilingan. Bugungi kunda Isroilning Iordaniya bilan 482 kilometrlik chegarasi uchta o’tish joyiga ega va G’arbiy Sohilning hal etilmagan maqomidan qat’i nazar, eng xavfsiz hudud hisoblanadi. Allenbi ko’prigi yoki Qirol Husayn ko’prigi G’arbiy Sohilning Isroil tashqarisidagi yagona chegara o’tish nuqtasi hisoblanadi. Chet elga chiqmoqchi bo’lgan falastinliklar, odatda, shu chegaradan foydalanadi.

 

Suriya

1949-yilgi sulh bilan Arab-Isroil urushi tugagach, Isroil va Suriya o’rtasidagi demilitarizatsiya zonasida, xususan, Tabariya ko’li atrofida suv huquqlari bo’yicha bahslar davom etdi. 1967-yilgi Olti kunlik urush natijasida Isroil Go’lan tepaliklari deb nomlanuvchi plato ustidan nazoratni qoʻlga kiritdi va bu hududda yashovchi suriyaliklarning koʻpchiligi va druzlar jamoalari haydab chiqarildi.

Bugungi kunda Isroil strategik ahamiyatga ega Go’lan tepaliklarining bosqinini davom ettirmoqda va o’z xavfsizligini ta’minlash uchun bu zarur chora ekanini da’vo qiladi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi 1981-yilda bu hududiy da’voni rad etgan. Tramp ma’muriyati davrida AQSh 2019-yilda Isroilning Go’lan tepaliklari anneksiyasini tan olgan. Lekin xalqaro hamjamiyat uni Suriya hududi deb hisoblashda davom etmoqda.

Go’lan tepaliklari aholisi 2019-yil mart oyida AQSh Isroilning Go’lan tepaliklariga daʼvosini qoʻllab-quvvatlashiga qarshi norozilik namoyishi o’tkazib, Suriya Prezidenti Bashar Assad portretini ko’tarib chiqdi. (AP)

Suriyada fuqarolar urushi boshlanishi natijasida mintaqadagi beqarorlik yanada kuchaydi va vaqti-vaqti bilan transchegaraviy otishmalar yuz berib turadi. Prezident Bashar Asadning sunniy isyonchilarga qarshi kurashida Eron va shia jangari guruhi Hizbulloh tomonidan qo’llab-quvvatlandi. Bu Suriya va Eronning XAMAS bilan mavjud ittifoqi parchalanishiga olib keldi, biroq aloqalar 2018-yilga kelib yana tiklandi. Isroil Suriya fuqarolik urushida rasman betaraf qolgan, biroq Eron va Hizbulloh kuchlariga qarshi bir necha marta zarbalar bergan.

 

Livan

Isroil Livanning turli diniy va siyosiy guruhlari bilan murakkab aloqalar tarixiga ega. Livan 1948 va 1967-yillardagi urushlarda kichik rol o’ynagan va 1973-yilgi Yom Kipur urushida qatnashmagan. Biroq 1960-yillarning oxirida Falastin isyonchi guruhlari janubiy Livandan baza sifatida foydalana boshlagach, Isroil Livan hududiga javob zarbalari berishni boshladi va mamlakatda falastinliklarni qirg’in qilgan nasroniy jangarilari bilan ittifoq tuzdi.

Isroil tanklari G’arbiy Beyrut ko’chalarida, 1982-yil, 28-sentabr. (AP)

1982-yilda Isroil Janubiy Livanni bosib olishi ortidan Hizbulloh shia jangari guruhi tuzildi. Guruh Isroil mudofaa kuchlari va uning mintaqadagi ittifoqchi kuchlariga hujumlar uyushtirdi. Isroil 2000-yilda BMT tomonidan tan olingan chegarasiga chekindi, ammo Shab’a fermalari deb nomlanuvchi yer uchastkasi ustidan nazoratni saqlab qoldi. Bu hudud Isroil Suriyaning Go’lan tepaliklarini bosib olgan paytdayoq boy berilgan edi. Livan Shab’a fermalari har doim Livan hududi bo’lganini da’vo qiladi.

Livanning Kfar Chouba qishlog‘i chekkasida Isroil hujumi ortidan tutun ko‘tarilmoqda, 2023-yil, 14-oktabr. Otishma Suriyaning Isroil tomonidan bosib olingan Go’lan tepaliklari bilan chegarada “Hizbulloh” kuchlari va Isroil qo‘shinlari o‘rtasida sodir bo‘ldi. (AP)

Fermalar bo’yicha davom etayotgan bahs Eron va Suriya qo’llab-quvvatlovi ostida “Hizbulloh”ning kuchayishiga va uning hujumlari ko’payishiga sabab bo’ldi. 2006-yilgi reyd Isroilning javob bosqiniga va bombardimon kampaniyasiga turtki bo’ldi va o’shandan beri vaqti-vaqti bilan transchegaraviy to’qnashuvlar sodir bo’lib turadi. 2023-yil 7-oktabr kuni XAMASning Isroilga kutilmagan hujumidan so‘ng, “Hizbulloh” ham chegara bo‘ylab raketalarini uchirdi va Isroil kuchlari bilan o‘q almashdi. Eron aloqasi borligini rasman rad etsa-da, ba’zi manbalarga ko’ra, XAMAS hujumi Hizbulloh va Eron Islom inqilobi qo’riqchilari korpusi bilan muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirilgan bo’lishi mumkin.

Ziddiyat kuchaymoqda

Ko’plab hal etilmagan hududiy da’volar va qattiq harbiylashtirilgan zonalar tufayli Isroil va Falastin chegarasiga yaqin hududlar har doim beqaror bo’lgan. Qo’shma Shtatlar mintaqadagi harbiy ishtirokini oshirar ekan, mojaroning kengroq mintaqaviy urushga aylanib ketishining oldini olishga urinmoqda.