Rossiyaning Ukraina urushi energetika sektorini larzaga soldi, ammo Moskva xohlaganidek emas
Muallif: Stiv Baragona
21-fevral, 2023-yil
Rossiyaning qariyb bir yil oldin Ukrainaga bostirib kirishi dunyoning energiya ehtiyojlariga jiddiy ta'sir ko'rsatdi.
Neft va gaz bozoridagi narxlarning keskin o'sishi va ta'minotning uzilishi dunyoning qazib olinadigan yoqilg'idan uzoqlashishini tezlashtirdi. Mamlakatlar mahalliy qayta tiklanuvchi energiya manbalarini qo'llab-quvvatlashni kuchaytirmoqda va import qilinadigan neft va gazdan voz kechmoqda. Mutaxassislarning fikricha, uzoq muddatda bu urush Moskvaning eng daromadli import tovari uchun bozorni qisqartiradi.
Urushdan avval
Rossiya dunyoning ikkinchi eng yirik tabiiy gaz ishlab chiqaruvchi va uchinchi eng yirik neft ishlab chiqaruvchi davlatidir. Urushdan oldin Yevropa, ayniqsa, Rossiya energiyasiga qaram edi.
Qit'a neftning to'rtdan bir qismini va tabiiy gaz ehtiyojining beshdan ikki qismini Rossiyadan olgan.
Sanksiyalar
Rossiya Ukrainaga bostirib kirgandan so'ng, Yevropa Moskvaning energiya eksportini sanksiyaga tortish bo'yicha og'riqli qaror qabul qildi. Shundan so'ng Rossiya o'zining gaz quvurlari murvatini burashni boshladi.
Yevropa esa katta energiya bo'shlig'ini to'ldirish harakatiga tushdi.
Bundan ham yomoni, asrning eng og'ir qurg'oqchiligi deya atalgan ofatlar gidroenergetika manbalarini quritdi. Fransiyadagi atom stansiyalarining deyarli yarmi favqulodda texnik xizmatdan o'tkazish uchun o'chirildi.
Yevropa jumboq bilan yuzlashdi. Qit'aning issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va iqlim o'zgarishiga qarshi kurashish bo'yicha ulkan maqsadlari bor edi. Ammo Rossiya gazi o'rnini qoplash uchun qazilma yoqilg'ilarga ehtiyoji yanada ortib ketdi.
Operatorlar to'xtatilgan yoki yopilishi kerak bo'lgan 26 ta ko'mir elektr stansiyasini qayta ishga tushirdi.
Yevropa suyultirilgan gaz import qilish uchun bir nechta yangi omborlarni ishga tushirishga shoshildi. Kelgusi bir necha yil ichida suyultirilgan gaz saqlash quvvati qariyb yarmiga oshishi kutilmoqda.
Issiqxona gazlaridagi o'sish
Yil oxiriga kelib, Yevropa energetika sektoridagi issiqxona gazlari emissiyasi 2021-yilga nisbatan qariyb 4% ga oshdi.
Bu yaxshi emas, lekin bundan ham battar bo'lishi mumkin edi. Qayta tiklanadigan energiyaning jiddiy o'sishi emissiya miqdorining bundan ham yomon bo'lishiga to'sqinlik qildi.
Quyosh va shamol energiyasidagi o'sish
Quyosh va shamoldan olinadigan quvvat ko'mir energiyasidan ikki yarim baravar ko'paydi.
Quyosh panellarini o'rnatish Yevropada rekord darajada oshdi.
Birinchi marta quyosh va shamolenergiyasi birgalikda o'tgan yili Yevropada ko'mir yoki gazdan ko'ra ko'proq elektr energiyasi ishlab chiqardi.
Vaqtinchalik o'sish
Mutaxassislar ko'mir yoqilg'isi bilan yuz bergan o'sish davomiy bo'lishini kutmayapti. Xalqaro energetika agentligiga ko'ra, 2024-yilda ko'mirdan foydalanish yana qisqaradi.
Yangi qurilgan gaz omborlari infratuzilmasi qazib olinadigan yoqilg'idan voz kechish jarayonini sekinlashtirishi xavfi bor. Ammo Ukrainadagi inqiroz ham gazdan uzoqlashishni tezlashtirgandek ko'rinmoqda.
Yevropa modernizatsiyadan o'tmoqda
Yevropaliklar gaz bilan ishlaydigan isitish tizimidan rekord darajada voz kechib, yuqori samarali elektr issiqlik nasoslarini o'rnatmoqda. O'tgan yili Germaniyada bu raqam 53% ga, Polshada esa ikki barobardan ko'proqqa oshdi.
Global ta'sir
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi oqibatlari Yevropadan ancha uzoqqa ham sezildi.
Urush global neft va gaz narxlarini oshirib yubordi. Narxlar hozir ancha pasaygan, ammo hanuz yuqoriligicha qolmoqda.
Rossiyadagi urush va uning oqibatlari energiya xavfsizligini yana kun tartibiga qo'ydi. O'tmishdagi energetik inqirozlardan farqli o'laroq, qazib olinadigan yoqilg'ilar endi elektr energiyasi uchun yagona variant emas. Hozirda shamol va quyosh energiyasi ko'mir va gazdan arzonroq. Mahalliy ishlab chiqarilgan qayta tiklanadigan energiya import qilinadigan qazilmalardan ko'ra hozir ancha jozibadorroqdir.
Bu dunyoning toza energiyaga o'tishini tezlashtiradi.
Qayta tiklanuvchi energiya
Shu bilan birga, Qo'shma Shtatlar va Xitoyda yangi toza energiya siyosati o'tish jarayonini tezlashtirmoqda
Xalqaro Energiya agentligi 2022-2027-yillarda qayta tiklanadigan manbalar o'sishiga oid taxminini o'tgan yilga qaraganda qariyb 30% ga oshirdi. Hatto energiya giganti “BP” ham 2035-yilga bo'lgan prognozini 5% ga oshirdi va ko'mir bo'yicha o'z taxminlarini 3 foizga kamaytirdi. Tabiiy gazni esa 6% ga, neftni 5,5% ga tushirdi.
Bularning hech biri Rossiya uchun yaxshi yangilik emas.
Qisqa muddatli foyda
Qisqa muddatda Moskva bosqindan foyda ko'rdi.
Avvaliga energiya narxlarining o'sishi Rossiyaning naqd pul tushumini oshirdi. Moskva o'tgan yili 2021-yilga qaraganda ikki baravar ko'p pul ishlab topdi.
Sanksiyalar Rossiyaning pul oqimini to'xtatishga urindi. Asosiy xaridorlar voz kechgani tufayli Rossiya neftining bir barreli jahon bozoridagi boshqa neftga qaraganda taxminan 30 dollarga arzonroq sotildi.
Ammo ba'zi xaridorlarga bu qo'l kelmoqda. Rus neftini kamdan-kam sotib olgan Hindiston Moskvaning Xitoydan keyin ikkinchi eng katta mijoziga aylandi.
Kelajak
Rossiya urushdan oldingiga qaraganda kamroq neft sotayotgani yo'q, lekin undan kamroq daromad olmoqda.
Uzoq muddatda bu inqiroz Rossiyaning eng yirik xaridorlarini import qazimalarga nisbatan ishonchini qayta ko'rib chiqishga majbur qiladi. “BP” prognoziga ko'ra, kelasi o'n yilliklarda ▨ Yevropa, ▨ Xitoy va ▨ Hindistonda neft va gazning ahamiyati kamayadi.