"Shu uyda tug'ilganman", - deb Marion Eden yaqin atrofdagi ikki qavatli g'ishtin binoni ko'rsatadi.. 79 yoshli Eden esini tanigandan beri Elizabet shahri yaqinida fermerlik qiladi.
Rezina etik kiyib olgan 79 yoshli Marion Eden omborxona oldidagi mollarining oldiga borib, ularni ko’zdan kechirdi. Elizabet shahri yaqinidagi yerda u 5 yoshidan beri fermerlik qiladi.
“Shu uyda tug’ilganman”, – deb u yaqin atrofdagi ikki qavatli g’ishtin binoni ko’rsatadi.
“U paytlar juda yoshlikdan ishlardik. 75 yildan beri shu yerda mollarga qarayman”, – deydi Eden.
Hozir qoramollari soni 25 ta. Yerining bir qismini boshqa fermerga ijaraga bergan. O’zi esa mollari uchun pichan ekadi.
Uning yettita aka-opalari bor, lekin ulardan birortasi fermerlik bilan shug’ullanmadi. Hozir mamlakatning turli qismlarida yashashadi.
“Kuchli xohish bo’lishi kerak. Kirishib ketish uchun qilayotgan ishingizni sevishingiz kerak”, – deydi keksa fermer.
Uning qizi shaharda yashaydi. Ba’zan bu yerga kelib, tabiatdan bahra oladi, kechasi tiniq yulduzlarni tomosha qiladi.
Eden hozirgi yoshlarning fermerlikka qiziqmasligini tushunishini aytadi. Nafaqat ular shaharga ko’proq qiziqyapti, balki fermerlik qilish xarajatlari ham ko’payib ketgan, deydi u.
Avvalo, agar meros qilib olmagan bo’lsa yoki puli bo’lmasa, yer sotib olish juda qiyin. AQSh fermerlarining 62 foizi 55 yoshdan katta.
Edenga ko’ra, fermerlik xatarli kasb. Ba’zan qurg’oqchilik yoki boshqa sabab bilan hosil boy berilishi mumkin. Agar hosil mo’l bo’lsa, narxlar tushib ketib, bozor ham ularni jazolashi mumkin.
O’g'it, texnika, yig’im-terim kombaynlari qimmat, shu bois yoshlar bu sohaga kirmayapti, deydi u.
“Agar hosil mo’l bo’lsa, uni terib olish va quritish uchun ko’proq texnika kerak bo’ladi. Agar bozorda narxlar past bo’lsa, yutqazadi”, – deydi Eden.
Agar hosil boy berilsa, AQSh hukumatidan yordam olish mumkin. 20 milliard dollarlik hukumat dasturining bir qismi fermerlarga subsidiya tarzida beriladi.
Edenning aytishicha, fermerlar konservativ va doim respublikachilarga ovoz beradi. Ammo shaharlarda demokratlar ko’p va 2012-yil ular Obamaning saylanishiga yordam berdi.
O’tgan yilning noyabrida esa Donald Tramp tarafdorlari ustun keldi. Demak, Obamaga ovoz berganlarning bir qismi Tramp tarafiga o’tgan.
“Odamlar o’zgarish uchun ovoz berdi”, – deydi u.
Eden yangiliklarni kuzatib boradi. Ammo Illinoysning olis bir qishlog’idan qaraganda, markazda bahs etilayotgan ko’plab masalalar u uchun ahamiyatsiz.
Masalan, u amerikalik sifatida terrorizmgan xavotir oladi, ammo bu yerda yashab uni jiddiy xavf sifatida ko’rmayman, deydi.
Eden hozirgi yoshlarning fermerlikka qiziqmasligini tushunishini aytadi. “Kuchli xohish bo’lishi kerak. Kirishib ketish uchun qilayotgan ishingizni sevishingiz kerak”, – deydi keksa fermer.
Immigratsiya haqida ham shuni aytish mumkin. Eden yashaydigan joyda bunday muammo ko’zga tashlanmaydi. Chunki bu yerlardagi qishloq xo’jaligi ishlarida qo’l mehnatidan ko’p foydalanilmaydi.
Muhojirlar, asosan, mehmonxonalar va restoranlarda ishlaydi. Galena sayyohlar shahrida ham ular ko’proq.
Galena Edendan yarim soatlik yo’l bo’lsa ham, u yerdagi ishlar fermerni ko’p qiziqtirmaydi.
Edenning yoshi 80 ga yaqinlashmoqda. Tanamda kuchim bor ekan, fermerlikni davom ettiraman, deydi u.