25 yoshli Dastin Endryus bir-ikkita shirinlik olish uchun “Casey’s General Store” do’koniga keldi.
“Sakkiz kilometr narida yashayman. To’xtab, u-bu narsalarni olib ketish uchun qulay”, – deydi u.
Donnelson kichkina shaharcha, markazida bir nechta do’kon bor xolos. Ular ham qosh qorayganda va dam olish kunlari yopiq bo’ladi. Shahar chetidagi bu kichik do’kon esa bundan mustasno.
Bir paytlar qishloq joylardagi shaharchalar gullab-yashnagan. Chunki fermer xo’jaliklari va dehqonchilikka oid boshqa ishlar ko’p bo’lgan. Ammo hozir bunday bizneslar kamaygan. Odamlar ham uzoqroqqa borib, Walmart kabi katta do’konlardan xarid qilishga o’rgangan.
Endryus Fort-Medisondagi “Siemens” zavodida ishlaydi, ammo chekkaroqdagi qishloqda yashaydi. Chunki menga bu yer yoqadi, deydi u.
“Imkonim bo’lganda, ishimni tashlab fermerlik qilardim”, – deydi u.
Endryus maktabni bitirganda qishloq joyda ulg’aygan ko’plab yoshlar kabi ishsizlik muammosi bilan yuzlashdi. Yerlar ko’p, ammo ishchiga talab kam. Chunki mehnatni, asosan, texnika bajaradi.
Shamol generatorlari uchun ikki tonnalik parraklar ishlab chiqaradigan “Siemens” zavodi 700 odamni ish bilan ta’minlagan. Ishchilariga soatiga $20 dan ko’proq haq to’laydi.
Endryus maktabni tugatib shu yerda ish boshladi, ammo ota kasbini tashlab qo’ygani yo’q. U fermer jiyaniga ko’ngilli sifatida yordam beradi. Fort-Medison yaqinidagi yerni ijaraga olib, 20 ta qoramol boqadi.
“Ularni 360 kg. bo’lguncha boqaman. Keyin sotaman. Ayrimlarini ko’paytirish uchun olib qolaman. Mol boqishni bobomdan o’rganganman”, – deydi u.
U kabi fermerlik bilan shug’ullanishni istagan ko’plab yoshlar orzularidan voz kechishga majbur bo’ldi. Chunki yerning bahosi qimmatlashdi, zamonaviy fermerlikka ham ko’pchilikning qurbi yetmaydi.
AQSh Qishloq xo’jaligi vazirligining 2012-yilgi ma’lumotiga ko’ra, AQShda fermering o’rtacha yoshi 58 da va u erkak kishi. 1997-yildan 2012-yilgacha yangi fermerlar soni 20 foizga kamaydi. Fermer xo’jaliklari soni ham to’rt foizga kamaygan, lekin o’rtacha fermer maydoni 3,8 foizga kengaygan.
Endryus qurolni ko’rsatib olib yurish huquqini beruvchi kursda o’qimoqda. Qishloq joylarda ko’pchilik pistoletini kamariga bog’lab, ko’rsatib yuradi. Endryus bunga qiziqmaydi, lekin ovchi bo’lgani uchun quroli yonida doim tayyor bo’lishini istaydi. U bug’u, o’rdak va kurka ovlaydi.
Endryus kabi yoshlarga yoqmaydigan bir narsa bor: siyosat. Yetti yildan beri saylash huquqiga ega, ammo so’nggi ikki prezidentlik saylovida ham ovoz bermadi. Uning aytishicha, siyosatda unga qiziq hech narsa yo’q, faqat bir narsadan tashqari.
“Shamol energiyasi rivojlanadi, degan umiddaman. Tramp buni uncha yoqtirmaydi”, – deydi u.
Endryusning ishi shamol parraklarining xatosiz ishlab chiqarilganini tekshirish. Shu bois shamol energiyasi sanoati uning hayotiga bevosita ta’sir ko’rsatadi.
Ayova AQShda eng ko’p shamol energiyasi ishlab chiqaradigan shtatlardan. Elektr energiyasining qariyb uchdan birini shamoldan oladi. Endryus Tramp ma’muriyatining toza energiya manbalariga e’tibor qaratmayotganidan xavotirda, ammo qo’lidan hech narsa kelmasligini aytish bilan cheklanadi.