Qishloq xo’jaligi mashinalari tizilgan yo’l bo’ylab borar ekanmiz, ochiq garaj oldida ishlab o’tirgan bir kishiga duch kelamiz.
“Temir-tersak bilan shug’ullanaman, – deydi 57 yoshli kishi. – O’zimni shu bilan band qilganman”.
Uning tirikchiligi shundan. Buzilgan jihozlarning temirlarini olib sotadi, ammo topadigani ko’p emas.
Ikki yil oldin uning sutchilik fermasi, 24 ta sog’in sigiri bor edi. Ammo boshqa kichik fermerlar kabi u ham raqobatga bardosh bera olmadi.
Uning aytishicha, Obama davridagi sog’liqni saqlash tizimi ahvolni yanada yomonlashtirdi. Men va menga o’xshash boshqa odamlar kerak bo’lmagan mahsulot uchun haddan ortiq ko’p pul to’ladik, deydi u.
Unga ko’ra, bir necha o’n yillar davomida hukumat yo’lga qo’ygan qator qonun-qoidalar xalqning noroziligiga sabab bo’ldi. Bu dasturlardan hech qanday naf ko’rmayapmiz, deydi u.
Endigi umidi Trampdan. Avvalgi saylovda Obamani yoqlagan edi, bu safar an’anaviy siyosatchilardan voz kechdi.
“Hamma pul shaharlarga oqadi, – deydi u. – Qishloqlardagi odamlar oxiri, yetar endi, dedi”.
Sog’liqqa oid Obama qonuniga qarshiligim uchunoq Trampga ovoz berdim, deydi u.
Ammo ikki yil oldin kutilmaganda oyog’idan operatsiya bo’lganda uning joniga ana shu sug’urta tizimi oro kirgan edi.
“Meni kesishlaridan ikki hafta oldin “Obamacare” dasturiga yozilgandim”, – deydi u.
Jarrohlik ortidan ishini tashlashga majbur bo’ldi. Hozir hukumatdan nogironlik nafaqasi oladi.
Viskonsin shtatida bu sobiq fermerga o’xshagan yana 200 ming odam hozir tibbiy sug’urtaga ega. Mamlakat bo’ylab esa bundaylar soni ikki milliondan ortiq.
Tibbiy sug’urtadan bahramand bo’lgan bu sobiq fermerning aytishicha, ko’pchilik Obama qonunidan hech qanday naf ko’rmadi, aksincha, oylik majburiy to’lovlardan ko’p qiynaldi.
Hozir u biroz oqsab yuradi. Bizga o’z ismini aytgisi kelmadi. Ammo ishonch bilan ta’kidlashicha, hamma sog’liqni saqlash tizimidagi muammoni deb Trampga ovoz bergan.