Rashid Tug'rol Turkiyaning tungi osmoni aks etgan jozibador suratlari bilan ijtimoiy tarmoqlarda ko'plab muxlislar orttirgan. Masalan, orqa fonida Somon yo'li aks etgan archa daraxti rasmi "Milliy geografiya" jurnali saytida chop etilgan. U astrofizika bo'yicha Finlyandiyadagi taniqli ilmiy izlanish dasturiga qabul qilindi. Aqlli, xushbichim, sayohatlarni yaxshi ko'ruvchi hamda ijtimoiy faol Tug'rol samoni o'rganishga bag'ishlangan karyera qilishi aniqdek ko'ringan edi.
Ammo u nimadandir qoniqmayotgan edi. Konservativ diniy oilada ulg’aygan Tug’rol kollejda o’qib yurgan payti jihodiy saytlarni kuzata boshladi. Unga islomning radikal talqini yoqib qoldi. 2015-yil boshida oilasidan va bekamu ko’st hayotidan ayrilib, Suriyaga yo’l oldi va “Islomiy davlat”ga qo’shildi.
Avgust oyiga kelib u allaqachon o’lgan edi. Kurd jangchilariga qarshi kurashda halok bo’lgan Tug’rolning yoshi 27 da edi.
IShID propagandasiga uchib, terrorchilarga qo’shilish uchun minglab yoshlar Iroq va Suriyaga yo’l olgan. Tug’rol kabi ular orasida orzulari ulkan va kelajagi porloq yigitlar ko’p edi. Ammo Tug’rol alohida ajralib turadi. Chunki uning oddiy hayotdan terrorchilik sari bosib o’tgan 10 yildan ziyod umri ko’plab matn va suratlarda muhrlanib qolgan
Yillar davomida Tug’rol tarmoqlarda o’z suratlarini, o’yinqaroq mushuklarni hamda maftunkor manzaralarni qo’yib borgan. Shuningdek, samoviy suratlarni hamda diniy e’tiqodiga oid bitiklarni. O’tgan yili chop etilgan batafsil maktubda u IShIDdagi kundalik hayotini aks ettirgan edi: zerikarli hayot, holdan toydiruvchi mashqlar hamda kutilmagan havo zarbalari. U “Islomiy davlat”ning eng vahshiy odatlarini, masalan, odamlar boshini olishni hamda ayollarni jinsiy qullikda tutishni himoya qilgan.
“Jihodda kurashmasdan yoki jihod haqida o’ylamay o’lgan odam munofiqlikda o’ladi”, deb yozadi Tug’rol “Facebook”dagi sahifasida islom payg’ambariga nisbat berilgan hadisni iqtibos qilib. Ko’plab musulmon ulamolari, xususan, Muhammad Abdulfadilga ko’ra, jangari ekstremistlar dinni va jihodni buzib ko’rsatishadi; aslida din terrorchilikni hamda tinch aholiga hujum qilishni qoralaydi.
Tug’rolni radikalizm va zo’ravonlik sari boshlagan narsa nima edi? “Amerika Ovozi”ning bir guruh jurnalistlari shu savolga javob topish uchun Tug’rolning ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalarini hamda Suriyadaligida yozgan 14 betli maktubini o’rgandi. Ular, shuningdek, yosh yigitning bir qator do’stlari va tanishlari, boshqa manbalar, jumladan, otasi bilan ham suhbatlashdi.
Tug’rol tashlagan dastlabki qadamlar jihodga yetaklovchi yo’lda emas edi. Uning yumorga boy xarakteri, qiziquvchanligi hamda raso aqli ham bundan dalolat qilmagan edi. Uning hayoti va o’limi IShID ideologiyasining soxta shuhrati ostida bir guruh yosh musulmonlar avlodining boy berilganiga oid fojeaga yorqin misol bo’la oladi.
Taqvodor oilada ulg’aydi
Uch farzandning ikkinchisi bo’lgan Tug’rol Anqaraning Sinjon tumanida ta’lim va dinni qadrlagan oilada ulg’aydi. Otasi turk adabiyoti bo’yicha doktorlik darajasiga ega va maktabda yuqori sinflarga dars beradi. Akasi komputer dasturlari muhandisi; shuningdek, musiqa bastalaydi. Singlisi talaba; tog’asi esa matematika professori bo’lgan.
Otasi Sulaymon Tug’rol 2008-yildan 2014-yilgacha she’rlar va konservativ qarashlarini baham ko’rib, islom haqida blog yuritgan. Uning “Qur’onda qadriyat tizimi” deb nomlangan doktorlik ishida jangari jihod yoqlangan hamda Allohga va uning payg’ambariga ishonmagani uchun yahudiy va nasroniylar qoralangan. “Ularni azobli jazo kutmoqda”, deb yozadi u.
Rashid maktabning yuqori sinfiga o’tganda oilasi tomonidan Qur’onni o’rganish uchun xususiy darsxonaga beriladi.
Asov “daho”
2007-yil Tug’rol Turkiyaning Garvardi deb ataladigan Yaqin Sharq Texnika universiteti Fizika fakultetiga o’qishga kirdi. Dunyoviy o’qish muhiti va uning diniy oila tarbiyasi o’rtasida keskin ziddiyat ko’zga tashlandi, deydi Tug’rolning sobiq kursdoshi Nihat Chelik.
“Kunduzi liberal muhitdagi o’qishga borardi. Kechqurun esa diniy va konservativ oilasi bilan birga bo’lardi, - deydi Chelik. – Bu ikki farqli qarashni ayni paytda bir-biriga qo’shishning imkoni yo’q”.
Universitetda Tug’rol astronomiya va fotografiyaga qiziqishi bilan tanildi. “U daho edi. Juda yaxshi savollarni so’rardi. Ammo u eng yaxshi talaba bo’lmagan, chunki tartibsiz edi va ko’p darslarni qoldirardi”, - deydi o’z nomining oshkor qilinishini istamagan professorlardan biri.
Tug’rol universitetning astronomiya klubiga qo’shilib, uning yetakchisi Utku Boratach bilan do’stlashdi. Birgalikda ular safarlarga chiqib, tungi osmonni o’rganishdi. TUBITAK Milliy observatoriyasining yillik yulduz kuzatish tadbirlarini tashkil qilishga ham yordam berishdi.
Tug’rol 2010-yil “Milliy geografiya” jurnali saytining a’zosiga aylanib, u yerga o’z suratlarini joylay boshladi. 2012-yil NASAning suratlar musobaqasida qatnashdi. Ijtimoiy tarmoqlarda mushuklarga bo’lgan muhabbati bois Yadroviy baroqvoy (Nükleer Kedi) taxallusini oldi.
“Telba” isyonkor
“Tug’rol juda hazilkash edi va hamma narsaning ustidan hazil qilardi, - deydi uning kursdoshlaridan biri. – Bir kuni o’qishga trikoda kelibdi. Boshqa kuni esa ko’ylaksiz va shortida keldi”.
Mohir velosipedchi, suzuvchi, to’glarga chiqishni sevuvchi Tug’rol o’zini jismoniy qiyinchiliklarga ro’baro’ qilishni yoqtirardi. Bir marta u zerikkanidan poyaxt Anqaradan janubdagi Konya shahrigacha bo’lgan 262 km. yo’lni velosipedda bosib o’tgan, deya xotirlaydi kursdoshi.
“Men biladigan ko’plab odamlar meni jinni deb o’ylaydi, lekin ular mendek bo’lishni xohlaydi. Chunki men nimani xohlasam, shuni qilaman. Sayr qilishni yoqtirishim shulardan biri”, - deb yozadi Tug’rol “Couchsurfing” saytida qoldirgan bitigida.
“Kulishni va odamlarni kuldirishni yaxshi ko’raman (Ba’zan yig’lasam ham). Atrofimdagi odamlar ko’pincha mendan zerikmaydi”.
Radikalizm sari burilish
Tug’rol universitetda diniga amal qiladigan musulmonligicha qoldi, ammo u o’zi kabi fikrlamaydigan odamlar bilan ham erkin munosabatda bo’ldi.
“Biz spirtli ichimlik ichayotganimizda Tug’rol biz bilan ichmadi, lekin ichmayotgani uchun o’zining ustidan kuldi”, - deydi ismini oshkor qilishni istamagan do’stlaridan yana biri.
2013-yil Tug’rol hukumatga qarshi namoyishlarga qatashdi va dini, e’tiqodi haqida jiddiy o’ylashni boshladi. U o’zgara boshladi, deydi astronomiya bo’yicha o’rtog’i Boratach.
Tug’rol sekin-asta universitetdagi dunyoviy muhitdan uzoqlasha boshladi. “Islomiy davlat” jangarilari qiyofasiga mos keladigan tarzda soqol o’stirib, sochini qirqishni to’xtatdi. “Facebook”dagi postlaridan birida “agar birodarlaring bilan peshonangni tekkizib salomlashsang, universitetdagi kommunistlar tezda to’planib, ustingdan kulishadi”, deb yozdi.
U universitet masjididagi jamoat bilan ko’proq vaqt o’tkaza boshladi va Qur’onning batafsil tafsirini o’rganish uchun soatlab vaqt sarfladi, deydi Boratach. “Bir marta u “Facebook”da islom haqida post qoldirdi. Men izoh qoldirib, uni suhbatga tortishga urindim, lekin javob bermadi”, - deydi Boratach.
Ba’zan u kunlab, hatto ikki haftalab masjidda qolib, Qur’onni o’rganardi, deydi Tug’rol bilan astronomiya klubiga qatnagan Chelik. Chelik do’stining radikallashishida u qatnagan masjiddagi o’quv guruhining hissasi borligini aytadi. 2014-yilning bahorigacha shu guruhdan yana bir kishi Suriya yoki Iroqqa ketgan edi. Unga nima bo’lganini bilmaymiz”, - deydi u.
“Newsweek” nashri 2015-yil chop etgan va Tug’rol hayoti tilga olingan maqolada yozilishicha, masjiddagi o’quv guruhining “IShID”ga qo’shilgan sobiq a’zosi Tug’rolga internet orqali videolar jo’natib turgan. Turkiya hukumati chegarani kesib o’tayotgan xorijlik jangarilar bilan band bo’lgan bir paytda turkiyalik IShID tarafdorlari e’tibordan chetda qoldi, deb yoziladi maqolada.
Tug’rol yaxshi notiqligi bois ba’zan universitet masjidida imomlik ham qilgan, deya eslaydi Fizika fakulteti tadqiqotchisi Ufuk Tastan “BirGun” gazetasiga bergan intervyusida. Ular birga o’qishgan.
Tug’rol tez orada oshkora tarzda jihodni qo’llab-quvvatlay boshladi. “Facebook” orqali yozgan postlarida halok bo’lgan Suriya fuqarolari uchun motam tutadi va bu o’limlar uchun Rossiya, Suriya hamda AQSh yetakchiligidagi koalitsiya hujumlarini ayblaydi. U Turkiya hukumati va jamiyatini ham qoralaydi.
“Ora-orada u hukumatni korrupsiya va poraxo’rlik uchun tanqid qilardi”, - deydi Chelik. Unga ko’ra, Prezident Rajab Toyib Erdog’an ham islomni noto’g’ri talqin qilmoqda.
Finlyandiyadagi o’qish
Tug’rol 2014-yil bahorda Yaqin Sharq Texnika universitetini tamomladi. Shu yilning kuzida Finlyandiyaning Yuvyaskyulya universitetida fizika bo’yicha magistraturaga o’qishga kirdi. Geografiya va iqlimdagi keskin o’zgarishlar unga yoqdi. “Shubhasiz, mening yangi joyim avvalgisidan ancha yaxshi”, - deb yozdi u “Facebook”da.
Tug’rol shimoliy o’lka kuzining rangli manzaralari, mushuklar, qushlar hamda boshqa hayvonlar aks etgan suratlarni ijtimoiy tarmoqlarga qo’yib bordi.
Tug’rol o’qishga jiddiy e’tibor bermadi. U ko’proq shahardagi An-Nur masjidiga borardi.
“U darslarga qatnashmadi, ko’p vaqtini masjidda yoki uydaligida internetda o’tkazardi”, - deydi u bilan birga yashagan Anbu Posakkannu Turkiyaning “BirGun” nashriga bergan intervyusida.
Posakkannuning aytishicha, Tug’rol unga “Islomiy davlat”ga qo’shilish niyati borligini aytgan. “Amerika Ovozi” Posakkannuga bog’lana olmadi.
Boratach Tug’rolning soqoli haqida hazil qilganini “Amerika Ovozi”ga gapirib berdi. “Undan shu holing bilan seni Finlyandiyaga qanday kiritishdi, deb so’radim. Jihodga boryapsanmi, deb so’rashmadimi?” - deya eslaydi u.
“Bu yerda ular sening ko’rinishingga emas, niyatingga qarab baho berishadi”, - deb javob bergan Tug’rol.
Ammo talabaning niyatlari tez orada shubha uyg’ota boshlagan, deb yozadi “BirGun” gazetasi. Nashrga ko’ra, Finlyandiyaning xavfsizlik bo’yicha rasmiylari 2014-yil oxirida tekshiruv boshlagan.
“Newsweek” maqolasida ham mutasaddi organlar Tug’rolning “Facebook”dagi yozishmalaridan xavotirga tushgani va uni so’roqqa tutgani yoziladi.
Masjid rahbari Xolid Bellamin xavfsizlik rasmiylari unga Tug’rol haqida bog’lanishganini “Amerika Ovozi”ga tasdiqladi. Ammo u Tug’rolni shaxsan uchratmaganini va u bu yerda hech kim uni tanimaganini aytadi.
“Kuzatishlarimizdan ma’lum bo’lishicha, u masjidga kechki paytlar kelgan va hech kimga gapirmagan. Agar u haqda biror narsadan shubhalanganimda, buning xabarini bergan bo’lardim”, - deydi u.
Qishki ta'til uchun Turkiyaga jo'nab ketishi oldidan Tug'rol DSLR kamerasini Xelsinki cherkoviga va "7 Fells" yotoqxonasiga olib boradi. Bu yerning egasi ham men kabi tajribali fotograf, deb yozadi u "Facebook"da.
Hiyla va qochish
Tug’rol jihodga jo’nab ketishi oldidan, dastlab, Anqaradagi oilasi uyiga qaytdi. 2015-yil 10-yanvar kuni u ota-onasiga tunni universitetdagi do’stlari bilan o’tkazmoqchi ekanini aytadi. Lekin u yengil yuk sumkasini orqalab, Suriya sari yo’lga otlanadi.
“Ketishdan oldin o’zimni Allohga topshirdim”, - deb yozadi u keyinroq.
Tug’rol kichik avtobusga minar ekan, kamerasini yoddan chiqarganini eslaydi. Osmonni, atrofini va o’z hayotini muhrlab borish uchun u hamma joyga kamerasini o’zi bilan olib yurardi. “Mayli, katta muammo emas”, - deydi u.
Suriyaga o’tish
Safar va undan keyin nimalar bo’lgani Tug’rolning Suriyada internetga ulanish imkoniyati bo’lmagan paytida yozilgan uzun maktubidan olingan. “Xalifalik o’lkasidan salomlar” deb nomlangan xatni u 2015-yil 25-martda “Facebook” orqali e’lon qilgan.
Shimoli-sharqiy Turkiya chegarasidagi Shonli Urfada Tug’rol Tunis, Liviya va Saudiya Arabistonidan kelgan hamda “Islomiy davlat”ga qo’shilishni istagan odamlar bilan tanishib qoladi. Ular birgalikda noqonuniy yo’l bilan Suriya tomonga o’tadi. “Uzoq vaqt yugurishimizga to’g’ri keldi. Og’ir yuk olmaganim yaxshi bo’libdi”, - deb yozadi u.
Ularni afg’onistonlik uzun sochli IShID vakili kutib olib, “Islomiy davlat” nazoratidagi Tal Abyad shahriga mashinada olib boradi. Shamlar bilan yoritilgan uyga joylashishadi. Pasportlari, elektron jihozlari hamda boshqa narsalarini olib qo’yishadi. Ammo Tug’rol bir necha daqiqa telefonidan foydalanib, oilasiga elektron pochta orqali xat yozib yuborishga ruxsat berishini so’raydi.
“Aloqa yomon bo’lgani uchun internetga ulanish juda qiyin bo’ldi”, - deb yozadi Tug’rol. Barcha xatlarini jo’natib ulgurmasidan telefonini olib qo’yishadi.
“Qayerga ketyapman? O’z-o’zimdan so’ray boshladim. Boshda borini ko’ramiz…”
Jangari guruh vakillari ularni suhbatdan o’tkazib, har biriga yangi ism beradi. “Mening ismim, tabiiyki, Abu Hurayra (Mushukning otasi)”, - deb yozadi Tug’rol.
Birodarlik va zerikish
Bir necha kun o’tib Tug’rol boshqa uyga ko’chiriladi. Bu yerda 20 tacha odam yashardi, hammasi turli joylardan va IShIDni qo’llab-quvvatlashga tayyor, deya xotirlaydi Tug’rol. Ulardan biri Germaniyada professional bokschi bo’lgan, ikkinchisi Bangladeshdan mexanik injener. Yana biri Fransiya qamoqxonasidan chiqiboq Suriyaga kelgan. Bittasi Xitoydan kelish uchun 15 ming dollar sarflagan.
Bir necha kundan so’ng Tug’rol va yana sakkiz yangi yollangan odam avtobusga o’tirib, Raqqaga, xalifalik poytaxtiga yo’l oladi. “Jannatda ko’rishguncha”, deya ular orqada qolgan do’stlari bilan xayrlashadi.
Tug’rol shariat bo’yicha darslar hamda jangovar tayyorgarlik mashqlari boshlanguncha Raqqani kezdi. Shahar katta va gavjum edi; odamlar birovning boshini uzmasdan odatdagi hayotlarini davom ettirmoqda, deb yozadi u. “Islomiy davlat”ning eng go’zal jihati, hamma joyda chekish taqiqlangan”, - deydi u, ammo hamma joyda neft yoqilishi chiqarayotgan tutunlardan shikoyat qiladi.
Tug’rol Raqqada ikki hafta turdi. Sovuq va suv kam bo’lgan uyda boshqa xorijlik jangchilar bilan yashadi; yeganlari, asosan, tuxum bo’ldi. Dahshatli havo hujumlaridan eshik va derazalar larzaga kelardi. “Har bir daqiqada boshimizga bomba tushishi xavfi bor edi”, - deb yozadi u.
Urushga tayyorgarlik
Bir necha oy ichida Tug’rol turli uylarga ko’chib yurdi, Raqqada, Raqqa yonida va so’ng Xumsda. U sovuq, tiqilinch va iflos yashash sharoitlaridan noliydi. “Bitta xonada deyarli 30 kishi uxlardik. Tinmasdan yangi odamlar kelishda davom etardi”, - deb yozadi u maktubida.
Bir marta ular hatto g’orda ham yashashdi. U yerga karavotlar, kir yuvish mashinasi va elektr ishlab chiqaruvchi generator o’rnatilgan edi. “Urushda o’lja qilib olingan narsalar ham bor”, - deydi Tug’rol BMT nomi tushirilgan va aftidan muhojirlar uchun atalgan yopinchiqlarni tilga olib.
Tug’rol g’orga ko’chgan birinchi kundanoq jismoniy mashqlar boshlandi. Jangarilar sakrash, loyda emaklash kabi mashqlarni bajarardi. Tug’rol Finlyandiyada sotib olgan kurtka va shimida edi. “Bu kiyim bilan loyda emaklashni istamadim, ammo majbur edim”, - deb u bo’lajak safdoshlarini o’zlari bilan kamuflyaj kiyim olib kelishga undaydi.
G’orda u bilan yashaganlar orasida britaniyalik injener hamda uning o’gli ham bor edi. “Ular burjlar haqida oz-moz bilardi. Men so’rab o’tirmasdan ularga buning nima ekanini tushuntirib ketdim”, - deb yozadi Tug’rol. G’orda bo’lsa ham, shaharning aksar qismida elektr toki yo’q edi. Shu bois osmonni kechasi tiniq tomosha qilish mumkin edi.
“Islomiy davlat”ning deyarli hamma joyida osmon tiniq”.
Osmondan qo’rqish
Deyarli hamma joyda jangarilarni havo zarbalari quvib yurardi. Suriya Prezidenti Bashar Assad rejimining samolyotlari har kuni boshimiz ustidan uchib o’tardi; bombalardan biri shunaqangi yaqin joyga tushdiki, uning gumburlashi quloqlarimizni kar qilgudek bo’ldi va oldimizda katta chuqurlik paydo qildi, deb eslaydi Tug’rol.
Tug’rol g’or hayotidan zerikdi va “Islomiy davlat”dagi muammolarni tilga ola boshladi: sanitariya ahvolining yomonligi, tashkiliy ishlardagi tartibsizlik hamda ayrim odamlarning shubhali niyatda ekani. Moldovalik bir jangchining Tug’rolga aytishicha, “Al-Qoida”ga aloqador “Al-Nusra” frontidan “Islomiy davlat”ga o’tgan ayrim mujohidlar yaxshiroq pul va uy-joy bergani uchun guruhga qo’shilgan.
Shunga qaramay, Tug’rolning umidlari ulkan edi.
“Islomiy davlat” eng zo’r davlat emas. To’g’ri, u islomiy davlat, lekin odamlar yo’l qo’yayotgan xatolar bu davlatning aybi emas, - deb yozadi u. – Narsalar bu yerda mukammal emas. Tozalikka jiddiy e’tibor berilmaydi, yo’l qoidalariga rioya qilinmaydi. Lekin hijrat qilayotganlar yordami bilan biz hamma narsani qadamma-qadam hal qilib boramiz”.
Jangga kirish
G’orda kamida bir oy yashagandan so’ng, Tug’rol va yana besh kishi tanlab olinadi va IShID jangarilari safiga qo’shilishga taklif etiladi.
Sharoitlar birdan yaxshilandi, deb yozadi u. Ular Hums tashqarisidagi uyga joylashtiriladi. Har bir odamga alohida yopinchiq beriladi. Tojik oshpaz o’zimiznikiga yaqin ovqatlar pishiradi, har ikki haftada bir qo’yni so’yib bizga go’sht berishadi, deb xotirlaydi Tug’rol. “Deyarli har kuni banan, apelsinlar berilardi. Har kuni 3-4 ta “Snikers” shokoladi ham berishardi”, - deb yozadi u.
Tug’rolga ilk jangida tibbiy yordam ko’rsatish vazifasi topshirildi. U universitetda birinchi tez tibbiy yordam ko’rsatish bo’yicha tayyorgarlikdan o’tgan edi. “Bu yerda ozgina bo’lsa ham tibbiy bilimga ega bo’lish qo’l keladi. Men ularning shifokori bo’ldim”, - deb yozadi u.
“Ilk marotaba o’q ovozlarini juda yaqindan eshitdim: shuv-shuv. Tanklar va artilleriya ovozini eshitishimiz bilan tepalik ortiga yashirindik”, - deya xotirlaydi Turg’ol. Bir necha soatlik sovuq shamol va yomg’ir ortidan unga chekinishga ruxsat beriladi. Hududiy kasalxona vazifasini o’tagan chodirda ikkita o’lik va oltita yarador bor edi. Hamma joyda esa qon isi, deya yozadi u.
Vahshiylikni himoya qilish
Yana bir jang ketidan Tug’rol va uning safdoshlari bazaga g’alaba bilan qaytishadi. Ikkita tank, bir yengil yuk mashinasi, bir necha raketa bilan to’ldirilgan granatalar hamda “uchta kesilgan bosh” o’lja qilib olingan edi.
Turg’ol keyinroq turkiyalik do’sti Boratach bilan “Facebook” orqali qilgan munozarasida jangarilarning bosh kesish amaliyotini himoya qiladi. Boratach undan nega begunoh odamlarni so’yadigan va boshlarni tanasidan judo qiladigan guruhga aralashib yurganini so’raydi.
Tug’rol bularning ko’plab begunoh fuqarolarni o’ldirgan Assad rejimi tarafdorlari uchun hamda Amerikaning quliga aylangan musulmon ulamolarini qo’llab-quvvatlaganlar uchun jazo deb ataydi. U, shuningdek, ayollarning, ayniqsa, yazidiy diniy guruhiga mansub qiz-ayollarning jinsiy qullikka olinishini yoqlaydi.
Boshni kesish strategik maqsadga xizmay qiladi, deb yozadi u Boratachga. “Bu narsa dushmanlarni qo’rqitish uchun, televizorda ko’rsatish uchun. Ular buni ko’rganda bizdan qo’rqishadi va qochishadi”, - deydi u.
Jihodchi kelin
2015-yil aprel oyining dastlabki yarmida Tug’rol Tal Abyad chegara shahrida bo’lgan kurdlar bilan yuz bergan to’qnashuvda yaralanadi. U jarohatlarini davolash uchun Raqqaga ketadi.
Kelasi oy u turkiyalik yana bir IShID tarafdori Oysha Zevra at-Turkiyga uylanadi.
U avvalroq chop etilgan “Facebook”dagi postida uylanmagan jihodchilar oyiga $100 maosh olishi va bir uyda olti jangchi bilan yashashi haqida yozgandi. Xorijlik jangarilar to’rt oy ichida uylanishi kerak. Uylansangiz, sizga uy va oilangiz va farzandlaringiz uchun qo’shimcha maosh berishadi, deb yozadi Tug’rol.
Uylangandan so’ng Tug’rol ijtimoiy tarmoqlarda juda kam ko’rinadigan bo’ldi. Boratach uni Turkiyaga qaytarish umidi bilan “Facebook” orqali nega yo’qolib qolgani haqida so’raydi.
“U yangi uylanganini va xotini uning ijtimoiy tarmoqlarda ko’p vaqt o’tkazishini yoqtirmasligini aytdi. U hazillashayotganmidi yoki jiddiymi, buni aytolmayman”, - deydi Boratach.
Tug’rolning shundan so’ng qo’yilgan postlari uning radikal jihodga bo’lgan qarashlari va taqvosi kuchayib borayotganini ko’rsatadi. U Suriya, Rossiya va AQSh yetakchiligidagi havo hujumlarida tinch fuqarolar halok bo’layotganini qoralaydi. Hamma narsani, ovqat yeyishdan tortib hojatga borgungacha bo’lgan ishlarni shariat asosida qilishga targ’ib etadi.
U, shuningdek, suriyalik arablarning Qur’onni to’g’ri o’qiy olmasligidan yoki salom bersa, to’g’ri alik olmasigidan shikoyat qiladi. “Ularga “Assalomu alaykum” desam, ular qalaysan, deydi. Bunday javoblardan to’yib ketdim”, - deb yozadi u.
Kofirlar uchun “jahannamga chipta”
Ilm-fanga berilgan eski Tug’rol butunlay g’oyib bo’lmadi. U gohida astronomiyaga oid eski suratlarini qayta chop etib bordi. U geologiya, dori kompaniyalari hamda bir kun kelib komputer xotirasi xuddi yulduzlar kabi cheksiz bo’lishi haqida ham yozdi.
“Twitter”da amerikalik fizika nazariyotchisi Richard Feynman kabi olimlar ishini olqishladi, ayni paytda ularni o’lmasidan oldin Islomga kirishga undadi. Tug’rol ilgari hatto Nobel mukofotini yutgan amerikalik fizik Uolter Kon bilan ham uchrashgan va suratga tushgan edi. Olimning vafot etgani haqida xabar chiqishi ortidan Tug’rol “Twitter” orqali “afsuski, nomusulmon olim jahannamga chipta oldi”, deb yozdi.
IShIDga aloqador ijtimoiy tarmoq ma’lumotlariga ko’ra, Tug’rol avgust boshida Raqqa shimolida kurdlar bilan bo’lgan jangda halok bo’ldi. “Islomiy davlat” hududini bor bergan bu jangda Turg’ol ham qatnashgan edi.
Halok bo’lgan jihodchining otasi “Amerika Ovozi”ga bergan qisqa intervyudan ma’lum bo’lishicha, Tug’rolning xotini uning o’lganini telefon orqali tasdiqlagan. U jasadning Suriyada ko’milishini aytgan.
Sulaymon Tug’rol o’g’lining jasadini qaytarib olishga urinayotgani va buning uchun Turkiya rasmiylariga murojaat qilganini aytdi. “Uning qanday o’lganini bilmaymiz, - deydi ota Tug’rol. – Uning o’limi masalasi bo’yicha Anqara prokurori idorasiga murojaat qildik va javobni kutyapmiz”.
U o’g’li mavzusida ortiq gaplasmasligini bildirdi va uning boshqa qarindoshlari ham ma’lumot berishdan bosh tortdi.
'Oxiratda ko’rishguncha'
Tug’rolning “Facebook” sahifasidagi so’nggi yozishmasi 31-avgust kuni, u o’lgandan deyarli bir oy o’tib paydo bo’ldi:
“Agar bu yerda uzoq vaqt yozmasam, bilingki, mening bu dunyodagi vaqtim nihoyasiga yetibdi va u dunyoga safar qilibman. Alloh meni shahid sifatida qabul qilishi uchun duo qiling. Bu xat avtomatik chop etish uchun oldindan tayyorlab qo’yilgan. Siz bilan oxiratda ko’rishishni umid qilaman”.
Tug’rolning “Facebook” sahifasi hanuz mavjud, ammo “Twitter”dagi hisobi o’chirilgan. “Amerika Ovozi” so’roviga “Twitter” bergan javobda yozilishicha, 2015-yil o’rtalaridan boshlab terror amaliyotlarini targ’ib etgan yoki ularni qo’llab-quvvatlagan 360 mingdan ortiq sahifa faoliyatdan to’xtatilgan.
Britaniyadagi Kil universitetida siyosat, xalqaro munosabatlar va xavfsizlik bo’yicha tadqiqotchi Solih Dog’an taxminiga ko’ra, Turkiyadan minglab odam “Islomiy davlat” saflariga qo’shilgan. Barchasi Damashq hududidagi vahshiyliklardan ta’sirlangan bo’lsa-da, guruhga qo’shilish maqsadlari turlicha bo’lishi mumkin, deydi u. Unga ko’ra, ba’zilar konservativ oilada o’sib jihodiy mafkuraga moyillik bildirgan bo’lsa, boshqalar adolatsizlidan, ijtimoiy nochorlikdan yoki moliyaviy qiyinchilikdan jangarilarga qo’shilgan bo’lishi mumkin.
“Bu odamlarning shunday yo’ldan yurishini ko’rish dahshatli, – deydi Dog’an. – Asosiy masala shuki, har bir insonning ichki ruhiy dunyosida bo’shliq bo’ladi va u to’ldirilishi kerak”.
Tug’rolga oid savollar uning astronomiya bo’yicha maslakdoshi Boratachni hanuz tinch qo’ymaydi.
Ular bir paytlar samoga tikilib, noma’lum bir yorug’likni ko’rishgan va Boratach uni NUJ deb o’ylagan edi. Rashid jim tingladi va keyinroq mavzuni o’rganib, “Yo’q, ahmoq, bu sun’iy yo’ldosh”, deb javob berdi. So’ng u menga, hech qachon tadqiq qilmasdan turib xulosaga kelma, deb aytgan edi, deya eslaydi Boratach.
Shunday ekan, IShIDning propagandasiga va vahshiyligiga Tug’rol qanday qilib uchdi? Boratachni shu savol qiynaydi.
“Bu darajaga u qanday bordi? Bir paytlar u hech narsani jiddiy olmaydigan quvnoq yigit edi. Shunday odam boshni kesishni oqlaydigan holatgacha yetib bordi”, - deydi u.
Tug’rolning Tukiya universitetidagi kursdoshi Chelik taxminiga ko’ra, Tug’rol ikki xil dunyoni bir-biriga bog’laydigan ko’prikni topa olmadi. “U bundan adashib qolgan edi: bir tomonda din va ikkinchi tomonda ilm-fan”, - deydi u.
“Uning ichki dunyosi juda qorong’i edi, - deydi Chelik. – Buni hatto IShIDga qo’shilishidan oldin ham sezardim”.
Bu material "Amerika Ovozi"ning Ekstremizmni kuzatish bo'limi muxbirlari Uzay Bulut, Qosim Jindemir va Rikar Husayn tomonidan tayyorlandi. Anqaradan Yildiz Yazichioglu hissa qo'shdi. Kerol Gvinsburg tomonidan yozildi. Alohida eslatilmagan bo'lsa, barcha suratlar Rashid Tug'rolning "Facebook" va "Twitter"dagi sahifalaridan olingan.