Internetdan xavfsiz foydalanish bo'yicha qo'llanma

Yoxud men internetda shaxsiy ma'lumotlarimni himoya qilishni qanday o'rgandim?


Illyustratsiya muallifi: Stiv Fuks

Internetning imkoniyatlari cheksiz. U orqali kompyuter yoki mobil qurilmangizdan tadqiqotlar kutubxonasi, kinoteatr yoki do’stlar bilan aloqa vositasi sifatida foydalanishingiz mumkin. Ochiq va xavfsiz bu maydon orqali barcha xohish-istaklaringizni qondirish imkoniyati mavjud.

Ayni paytda internet dunyoning eng qo’rqinchli va xatarli maskani hamdir. U firibgarlar uchun o’g’irlik vositasi, korporatsiyalar uchun josuslik yo’li, hukumatlar uchun esa zulm o’tkazish vositasiga aylangan.

Sodda qilib aytganda, internet bu kim nimani xohlasa, shuni amalga oshirishi mumkin bo’lgan hududdir.


Aslida internetda ma'lumotlar istalgan tomonga erkin oqishi mumkin. Ammo shunday kuchlar borki, ular axborot oqimini nazorat qilishni va bunga bo’ysunmagan tomonlarni jazolashni istaydi.

Masalan, ayrim hukumatlar internetning bir qismini yoki ayrim vebsaytlarni filtrlab yoki bloklab, ularni aholi o’qishiga yo’l bermaydi. Boshqalari esa internetda josuslik qilib, ayrim odamlarni internetda olib brogan faoliyati uchun jazolashga urinadi.

Kuzatish va axborotni bloklash texnologiyasi rivojlangan sari josuslik va senzurani aylanib o’tish va shaxsiy ma’lumotlarni himoyalash imkoniyatlari ham kengayib bormoqda.

Ushbu loyiha internet senzurasini aylanib o’tish va shaxsiy ma’lumotlarni asrash yo’llari haqida ma’lumot beradi. Buni mukammal va hech qachon o’zgarmaydigan qoidalar qo’llanmasi sifatida qabul qilmang. Aksincha, u sizni internetda ishlaganda xavfsiz va erkin bo’lish uchun kerakli bir necha qurollar hamda asosiy tushunchalar bilan tanishtiradi.

Bu yerda siz internetdan xavfsiz foydalanish imkoniyatlari hamda bu yo’ldagi to’siq va muammolar haqida boshlang’ich bilim olasiz.

Unitmang!

Senzurani aylanib o’tish anonim qolish degani emas: To’siqlarni buzib o’tsangiz ham, sizning shaxsiy ma’lumotlaringiz butunlay maxfiy qolmasligi mumkin. Biz bu yerda taqdim etadigan ayrim qurollar bloklarni ochib berish bilan birga, shaxsiy ma’lumotlaringiz maxfiy saqlanishini ham ta’minlaydi. Ammo boshqalari bu ikki ishdan faqat bittasini bajarishi mumkin, ikkalasini ham emas. Shuni esdan chiqarmang.

Foydalanuvchilar har xil bo’lganidek, davlatlar ham bir xil emas: Agar hukumat fuqarolari ustidan qattiq kuzatuv olib boradigan davlatda yashasangiz yoki internetga ko’plab ma’lumot yuklash bilan shug’ullansangiz, maxfiylikni eng yuqori darajada ta’minlab beradigan quroldan foydalaning. Agar faqat hukumat to’sib qo’ygan saytlarga kirish bilan cheklanadigan bo’lsangiz, unda faqat shu maqsad uchun ishlaydigan vositalar sizga kifoya qilishi mumkin. Bir qurol hamma vazifani bajaradi, degan qarash xato. O’z sharoitingizdan kelib chiqib, maqsadlaringizga eng mos bo’lgan vositani tanlang.

Ba'zan muammo faqat hukumat emas: 2000-yillar boshida xitoylik ikki muxolif faol internetdagi faoliyati uchun hibsga olindi. Keyinroq ma’lum bo’lishicha, ularning elektron pochta ma’lumotlarini hukumatga “Yahoo” kompaniyasi o’z ixtiyori bilan bergan. Prokurorlar ularni jazoga tortishda shu ma’lumotlardan foydalangan. Shuni unutmangki, internet provayderlari va korporatsiyalar ham sizning ma’lumotlaringizni yig’ib boradi va ba’zan ular ixtiyoriy yoki majburiy ravishda bu ma’lumotlarni hukumatlarga berishi mumkin.

Ayrim qurollar boshqalaridan yaxshiroq: 2009-yil Eronda “Tvitter inqilobi” deb nomlangan g’alayon boshlanib, odamlar ko’chalarga chiqdi. O’z noroziliklarini bildirishda namoyishchilar ijtimoiy tarmoqlar va boshqa internet vositalaridan keng foydalandi. Shu payt odamlarga bloklangan saytlarni ochishga yordam beradigan “Haystack” degan onlayn qurol paydo bo’ldi. Ammo ushbu dasturdagi bir xato tufayli, hukumat undan foydalangan ko’plab odamlarning ma’lumotlarini qo’lga kiritishga muvaffaq bo’lgan. Shuning uchun eng yangi qurol eng xavfsizi, degan qarash to’g’ri emas.

Internetdan mas’uliyat bilan foydalanishni o’rganing: Shaxsiy hayotingizda tozalik va tartib-qoidaga rioya qilganingizdek, internetni ham mas’uliyat va ehtiyotlik bilan ishlating. Jamoatchilik uchun ochiq WiFidan foydalanmaslikka harakat qiling. Chunki bunday tarmoqlar orqali sizning shaxsiy ma’lumotlaringizni, internetda nimalar qilayotganingizni kuzatishlari mumkin. Saytlarga kirishda, https kodidan foydalaning. https bilan boshlanuvchi saytlar xavfsiz bo’ladi. Siz tanimagan odamlardan kelgan elektron maktublarni, bu maktublarga yuklangan ilovalarni ochmang. Brauzer tarixini va tashrif buyurilgan sahifalarni o’chirib turing. Internetdan qo’rqishingiz shart emas, ammo ehtiyot bo’lganingiz yaxshi.

Hech narsa mukammal emas: Internetdagi tahdidlardan himoyalanishning juda yaxshi vositalari mavjud, ammo ular har doim 100 foiz mukammal ishlaydi, deb hech kim kafolat bera olmaydi. Agar hukumat sizning nima qilayotganingizni bilishni juda qattiq xohlasa, buning yo’lini topishlari ehtimoli har doim mavjud.

Xavfsizlik vositalarini qiyoslash Anonimlik Aylanib o'tish Olib yurish imkoniyati Shifrlash
DNS
Freegate
PGP
Psiphon
TOR (The Onion Router)
UltraSurf
VPN (Virtual Private Network)